
Tyumen viloyatining Surgut shahrida «Moskvich» brendining yangi M70 va M90 modellari qishki sharoitda sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda zavod matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu bosqich yangi M-seriyasini ishlab chiqarishga tayyorgarlikning muhim qismi hisoblanadi. Modellar −30 °C gacha bo‘lgan haroratda tekshirilmoqda.
Sinov dasturi dvigatelni sovuq havoda ishga tushirish, qor va muz ustida ABS hamda ESC tizimlari ishlashini baholashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, iqlim nazorati va isitish tizimlarining samaradorligi ham tekshirilmoqda.
Muhandislar notekis yo‘llarda osma tizimining ishlashi va past haroratda elektronika barqarorligini tahlil qilmoqda. Dala sinovlaridan tashqari, Surgut—Moskva yo‘nalishida uzoq masofali test haydov rejalashtirilgan. Olingan natijalar avtomobil konstruktsiyasiga zarur tuzatishlar kiritish uchun ishlatiladi.

Moskvich M70 va Moskvich M90 yangi M-seriyasining ilk vakillari bo‘ladi. Ular MG platformalari asosida ishlab chiqilgan. Avval kompaniya JAC bilan hamkorlik qilgan edi.
M70 o‘rta segment krossoveri sifatida taqdim etiladi va Chery Tiggo 7 hamda Geely Atlas modellari bilan raqobatlashishi kutilmoqda. Rossiya versiyasi 1,5 litrli 150 ot kuchiga ega turbomotor va 7 pog‘onali robot uzatma bilan taklif etiladi. Shuningdek, 2,0 litrli 200 ot kuchli dvigatel va 9 pog‘onali avtomat variant ham mavjud.
Moskvich M90 esa uch qatorli, yetti o‘rinli salon bilan jihozlangan. U 200 ot kuchli dvigatel, avtomatik transmissiya va to‘liq uzatma tizimiga ega. Model katta oilalar uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Moskviсh 3» narxi qanchaga qimmatlashgani haqida yozgan edi.