Nobel qo‘mitasi Erondan Tinchlik mukofoti laureatini ozod qilishni so‘radi

Norvegiya Nobel qo‘mitasi Erondan Nobel Tinchlik mukofoti sovrindori va inson huquqlari faoli Narges Mohammadiyni ozod qilinishini talab qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
53 yoshli Mohammadi ayollar huquqlari uchun olib borilgan uch o‘n yillik faoliyati davomida bir necha bor qamoqqa olingan. U so‘nggi haftada yana 7 yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Nobel qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Mohammadi 2023-yil dekabrda inson huquqlari advokatining dafn marosimida qatnashayotganda zo‘ravonlik bilan hibsga olingan va unga jismoniy shikast yetkazilgan hamda hayotiga xavf soluvchi muomala qilingan.
Bayonotda shuningdek, uning bunday holatga tushishi Eron bo‘ylab o‘tkazilgan ommaviy noroziliklardan keyin aholiga bo‘lgan shafqatsiz bostirishlarning yorqin namunasi ekanligi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, Mohammadi 2023-yilda, ayollar huquqlarini rivojlantirish va o‘lim jazosini bekor qilish kampaniyasi uchun qamoqda bo‘lgan paytda Nobel Tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado AQSh prezidenti Donald Trampga Nobel tinchlik mukofoti medalini topshirgani haqida yozgan edik.