Yangiliklar

Nurlan Saburov Qozog‘istonda 12 yilga qamalishi mumkin

Uning Vagner bo‘linmasiga mototsikllar olib berganlikda ayblanmoqda
Foto: ulysmedia.kz

Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan stendap-komik Nurlan Saburov Vagner xususiy harbiy guruhiga texnika topshirgani uchun vatanida muammolarga duch kelmoqda. Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlashini ma’lum qildi.

Faollar Marat Turimbetov hamda Ivan Jdanov komik ustidan Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan. Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari G‘alimjon Koygeldiyev holat o‘rganilishi va tekshirilishi kerakligini ta’kidladi. Mamlakat Jinoyat kodeksining 170-moddasiga ko‘ra, yollanma askarlarni moliyaviy yoki moddiy ta’minlaganlik uchun 7 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/nurlan-saburov.mp4

Huquqshunos Sergey Andreysoning fikricha, Saburov harbiy xizmatchi bo‘lmagani va janglarda qatnashmagani sababli uni yollanish moddasi bo‘yicha jazolash ehtimoli past. Jurnalist Kseniya Sobchak ham komikni himoya qilib, Jdanovni chaqimchilikda ayblagan va Saburov urush haqida ehtiyotkorlik bilan fikr bildirganini eslatib o‘tgan.

Joriy yilning 30-yanvarida Saburovga Rossiya hududiga kirish 50 yilga taqiqlangan edi. Bunga rasmiy ravishda pul yuvish, shuningdek, migratsiya qonunchiligini buzish va maxsus harbiy operatsiyani tanqid qilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nurlan Saburovga Rossiyaga kirish 50 yilga taqiqlangani haqida xabar bergan edi.