Sport

O‘zbekiston qishki Olimpiadada yana bir litsenziyaga ega bo‘ldi

Daniil Yeybog 500 metrdan tashqari 1500 metr masofada ham ishtirok etishi tasdiqlandi
Foto: MOQ

Xalqaro konkichilar ittifoqi Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlarida litsenziyalar taqsimotini qayta amalga oshirdi. Buning natijasida O‘zbekiston delegatsiyasi short-trek bo‘yicha yana bir yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endilikda Daniil Yeybog 1500 metr masofada ham yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Yeybogning 1500 metr masofadagi starti 14-fevral kuniga belgilangan. Sportchi avvalroq 500 metr masofada ham litsenziya sohibiga aylangan edi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida aynan Daniil Yeybog O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori vazifasini bajargan.

Foto: MOQ

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston ushbu Olimpiada o‘yinlariga dastlab 4 ta litsenziya yutib olgan edi. Biroq figurali uchuvchi Dmitriy Chigirevning kutilmagan jarohati sababli jamoa safi qisqargan. Hozirda musobaqada mamlakat nomidan faqat ikki nafar sportchi — Daniil Yeybog hamda tog‘ chang‘ichisi Medet Nazarov qatnashmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan figurali uchish bo‘yicha O‘zbekistonlik sportchilar Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.