
«O‘zbekneftgaz» AJ O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga xat yo‘llab, o‘z tasarrufidagi futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.
Kompaniyaning mazkur qarori natijasida «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» futbol klublari asosiy homiylik mablag‘laridan mahrum bo‘ladi. Ushbu o‘zgarish avvalroq qabul qilingan davlat rahbarining tegishli farmoyishiga asoslanadi.

Hujjatga ko‘ra, davlat korxonalari prezident qarorlari va topshiriqlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari boshqa har qanday vaziyatlarda homiylik yordamlari ko‘rsatishni to‘xtatishi belgilangan. Bu orqali davlat korxonalarining faqatgina rasmiy va tasdiqlangan loyihalarga mablag‘ ajratishi nazoratga olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekneftgaz xodimlari oyliklari 10 foizga oshirilishi haqida xabar bergan edi.