Qamchiq hududida 19 ta qor ko‘chkisi qayd etildi

2026-yil 12-fevral kuni taxminan soat 06:00–11:00 oralig‘ida Namangan viloyati, Qamchiq dovoni hududida 2000 metr balandlikda kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Natijada umumiy hajmi 6675 kub metr bo‘lgan 19 ta qor ko‘chkisi aniqlandi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, talofat va jabrlanganlar yo‘q.
Shuningdek, 11-fevral kuni soat 21:00 dan 12-fevral soat 06:00 gacha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Chimyon hududida ham 2000 metr balandlikda kuchli yog‘ingarchilik sabab 2100 kub metr hajmdagi 2 ta qor ko‘chkisi qayd etildi. Bu hududda ham talofat va jabrlanganlar yo‘q.
«O‘zgidromet», shuningdek, 12-fevral soat 16:00 dan boshlab Toshkent–O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida, 228–253 kilometr oralig‘ida qor ko‘chish xavfini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida avtomobillar harakati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.