
12-fevral kuni soat 13:00 dan A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida avtomobillar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, bunga qor ko‘chkisi xavfi sabab bo‘lgan.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarligida tegishli xizmatlar tomonidan profilaktik va xavfsizlik tadbirlari olib borilmoqda.
Vazirlik dovonning qayta ochilishi haqida qo‘shimcha ma’lumot keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zgidromet» 10 – 13-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga nam havo massalari kirib kelishini ma’lum qilgandi. Shu sababli tog‘oldi va tog‘li hududlarda ham yomg‘ir va qor yog‘ishi, ayrim paytlarda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilayotgandi.