
11-fevral kuni Qozog‘istonda kuchli qor bo‘ronlari va yo‘llardagi noqulay ob-havo sharoiti oqibatida 87 kishi, jumladan, 6 nafar bola qutqarildi va evakuatsiya qilindi. Qozog‘iston FVV ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar qor uyumlarida qolib ketgan 10 ta avtomashinani ham chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Jumladan, Qarag‘anda viloyatida kechasi Astana – Qarag‘anda (aylanma yo‘l orqali) – Olmaota avtomagistralining 948-kilometrida yengil avtomobil yo‘l chetiga chiqib ketgan. Avtomobil salonida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi bo‘lgan. Qutqaruvchilar ularni evakuatsiya qilib, isitish punktiga yetkazgan. Maxsus texnika yordamida mashina qor uyumidan chiqarilib, tozalangan yo‘l qismiga olib chiqilgan.
Shuningdek, boshqa hududlarda ham o‘nlab fuqarolar qutqarilgan. Favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida ob-havo yomonlashuvi va yo‘llar yopilgani haqida ogohlantirishlar tarqatilgan. Qutqaruvchilar yuqori o‘tuvchan texnikalarda murakkab yo‘l uchastkalarini tunu kun patrullik qilib, aholiga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kuchli shamol sabab Qo‘shrabotda yirik elektr uzilishi sodir bo‘lgani haqida yozgandi.