Yangiliklar

Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum avvalgilaridan qimmatroqqa tushishi mumkin

Inflyatsiya va komissiya a’zolari maoshi sababli xarajatlar oshishi kutilmoqda
Foto: Instagram

Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum xarajatlari avvalgi ovoz berish jarayonlariga nisbatan qimmatroqqa tushishi taxmin qilinmoqda. Asosiy xarajatlarning 70 – 80 foiz qismini komissiya a’zolari maoshi tashkil etadi.

Ovoz berish jarayonini tashkil qilish uchun hukumat zaxirasidan mablag‘ ajratiladi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekovning ta’kidlashicha, tadbirning aniq qiymati Markaziy saylov komissiyasining budjet arizasidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/konstitutsiya.mp4

Inflyatsiya va ko‘proq xodimlar jalb etilishi hisobiga xarajatlar oshishi prognoz qilinmoqda. Asosiy xarajatlarning 70 – 80 foizini komissiya a’zolarining ish haqi tashkil etadi, biroq Moliya vazirligi qisqartirish imkoniyatlarini o‘rganishini bildirgan.

Taqqoslash uchun, AES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan avvalgi referendum mamlakat budjetiga 15,5 mlrd tenge (387,7 mlrd so‘m)ga tushgan. 2022-yilda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish jarayoni esa 16,4 mlrd tenge (409,5 mlrd so‘m)dan ko‘proq mablag‘ni talab qilgan.

Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi respublika referendumida xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, 2026-yilning 1-iyulidan kuchga kirishi kutilmoqda. Hujjat qabul qilingan sana davlat bayrami – «Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni» deb e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Yangi qomus kuchga kirishi bilan amaldagi Konstitutsiya o‘z kuchini yo‘qotadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston konstitutsiyasining rus tiliga oid qismi o‘zgartirilishi haqida xabar bergan edi.