Qudalar o‘rtasidagi janjal oqibatida bir kishi ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi

Buxorodagi qudalar o‘rtasidagi janjal oqibatida bir kishi ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Bu haqda «MY5» telekanali ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, fuqaro qizining holidan xabar olish maqsadida qudasining uyiga borgan. Suhbat chog‘ida u qudasiga qiziga nisbatan haqoratli va salbiy munosabatda bo‘layotganini bildirgan hamda bunday xatti-harakatlarni to‘xtatish kerakligini aytgan.
Dastlab oddiy og‘zaki tortishuv bo‘lgan suhbat keskin janjalga aylangan. Guvohlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, tortishuv vaqtida mezbon mehmon bo‘lib kelgan qudasini qo‘l mushti bilan yuz va ko‘z qismiga urgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida qayd etilishicha, olingan jarohat oqibatida jabrlanuvchining bir ko‘zi ko‘rish qobiliyatini to‘liq yo‘qotgan.
Sud jarayonida to‘plangan dalillar asosida sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi ikkinchi qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda transport inspektoriga 800 ming so‘m pora taklif qilgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.