
Samsung 25-fevral kuni yangi Samsung Galaxy S26 liniyasini taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda. Kompaniya Hindistonda oldindan buyurtma jarayonini boshlab yuborgan.
Hindistonda qurilmani uchta platforma orqali bron qilish mumkin. Bular Samsung’ning rasmiy sayti, Amazon va Flipkart platformalari. Oldindan bron qilish uchun 999 rupiy ($12 atrofida) to‘lash talab etiladi. Barcha platformalarda 2,6 ming rupiylik ($32 atrofida) bonus imtiyozlar taklif qilinadi.
Biroq pulni qaytarish shartlari turlicha. Agar foydalanuvchi Samsung’ning rasmiy sayti orqali bron qilib, keyinchalik xarid qilishdan voz kechsa, to‘langan summa to‘liq qaytariladi.
Flipkart’da esa boshqa tartib amal qiladi. Agar mijoz ushbu platforma orqali bron qilib, keyin xaridni amalga oshirmasa, to‘lov qaytarilmaydi.

Amazon India bo‘yicha esa bekor qilish va pulni qaytarish shartlari haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Shu bois, agar xaridor yangi modelni taqdimotdan keyin yoqtirmasligi mumkin deb hisoblasa, rasmiy sayt orqali bron qilish xavfsizroq variant hisoblanadi. Agar qaror qat’iy bo‘lsa, barcha platformalar orqali bron qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 seriyasining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.