
Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Mirakbar Rahmonqulov 11-fevral kuni 74 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev marhumning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Mirakbar Rahmonqulov 1952-yil 5-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1975-yilda Toshkent davlat universitetini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini ilmiy xodim sifatida boshlab, keyinchalik turli davlat va jamoat tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
U 1992–1994-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori bo‘lib faoliyat yuritgan. Shuningdek, prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori hamda boshqa muhim lavozimlarda ishlagan. Mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid ko‘plab dastur va qonun loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Mirakbar Rahmonqulov ko‘p yillar davomida prezidentning Davlat maslahatchisi va Milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimlarida xizmat qilgan. So‘nggi yillarda prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilgan hamda Senat a’zosi sifatida faoliyat olib borgan.
Uning davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari munosib taqdirlangan. Mirakbar Rahmonqulov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» unvoni, «Fidokorona xizmatlari uchun» va II darajali «Shon-sharaf» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq atoqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Kallibek Kamalov 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etgandi.