
Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston banklariga fuqarolardan oxirgi 3 yilda 83 ta xorijiy internet-kompaniyalar foydasiga amalga oshirilgan to‘lovlar haqida ma’lumot taqdim etish bo‘yicha so‘rovlar yuborilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Tarmoqlarda tarqalgan xatda yozilishicha, banklar 2023 – 2025-yillarda jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonda soliq hisobiga olingan xorijiy kompaniyalar foydasiga amalga oshirilgan barcha to‘lovlar haqida ma’lumot taqdim etishi kerak.
Ya’ni xalqaro to‘lov kartalari Visa, Mastercard, shuningdek, Uzcard va Humo milliy tizimlari hamda elektron hamyonlar orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar nazarda tutilmoqda. Har bir operatsiya bo‘yicha to‘lov sanasi va summasi AQSh dollaridagi ekvivalenti bilan ko‘rsatilishi lozim. Ma’lumotlar 3 kun ichida ko‘rsatilgan elektron manzilga taqdim etilishi kerakligi iddao qilingan.

Xatlarda banklarning so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etmasligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215-3-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi urg‘ulangan.
Qolaversa, soliq to‘lovchilar operatsiyalari va hisobvaraqlari bo‘yicha ko‘chirmalarni taqdim etmaslik Soliq kodeksining 229-moddasiga muvofiq ma’muriy javobgarlikka va jarima qo‘llashga sabab bo‘lishi ham tilga olingan.

Soliq organlari ma’lum qilishicha, ma’lumotlarni yig‘ish xorijiy internet-servislar hisobotlarida aks ettirilgan soliq summalarining to‘g‘riligini tekshirish, shuningdek, ular tomonidan 2023-yildan buyon ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatini baholash uchun zarur.
Bundan tashqari, ular yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash chora-tadbirlari to‘g‘risida 2025-yil 10-dekabrda imzolangan prezident farmonini ham asos qilib keltirishgan.
Soliq qo‘mitasi bergan izohga ko‘ra, soliq organlarida 2025-yilda 23 ta va 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 6 ta elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar QQS to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yilgan.
Qonunchilikda nima yozilgan
Soliq kodeksining 278-moddasiga asosan realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni jismoniy shaxslarga ko‘rsatishga oid qism bo‘yicha soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi. Kodeksning 88-moddasiga asosan agar soliq majburiyatining yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bog‘liq bo‘lsa, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati shu voqea yoki harakat sodir bo‘lgan paytdan e’tiboran uch yilni tashkil etadi. Soliq kodeksining 280-moddasi 2-qismiga asosan soliq bazasi elektron shaklidagi xizmatlarni realizatsiya qilishning haqiqiy narxlaridan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan soliq summasi hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.
Qo‘mita o‘z munosabatida yozishicha, Soliq kodeksida belgilangan talablarga asosan yuqorida keltirib o‘tilgan 29 ta yangi xorijiy kompaniyalarning soliq majburiyatlarini yuzaga kelish muddati, soliq bazasi va to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalarini hisoblab chiqarish hamda respublika budjetiga undirish maqsadida soliq organlari tomonidan tijorat banklariga Soliq kodeksining 134-moddasi 3-qismiga asosan egasizlantirilgan ma’lumot taqdim etishi so‘ralgan.
Avvalroq «Kursiv» onlayn o‘yin platformasi Roblox O‘zbekistonda rasmiy ravishda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida yozgandi.
Shuningdek, moliyaviy tranzaksiyalar bozorida qaysi kompaniya yetakchiligi haqida xabar berilgandi.