Avto

Xiaomi YU7 yanvarda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi

Yanvar oyida ushbu modeldan 37,9 ming dona sotilgan
Xiaomi YU7 yanvarda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasining YU7 elektr krossoveri 2026-yil yanvar oyida Xitoyda eng ko‘p sotilgan yengil avtomobilga aylandi. CarNewsChina’ga ko‘ra, yanvar oyida ushbu modeldan 37,9 ming dona sotilgan.

Xiaomi rahbariyatiga ko‘ra, YU7 atigi o‘tgan yilning iyun oyida bozorga chiqqaniga qaramay, qisqa vaqt ichida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Kompaniya vakili Xu Jieyun bu natijani xaridorlar ishonchi bilan izohladi.

Autohome ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni Geely Boyue L egallagan. U 34,2 ming dona sotilgan. Uchinchi o‘rinda Geely Geome Xingyuan joylashgan. Keyingi o‘rinlarda Aito M7, Volkswagen Sagitar va Nissan Sylphy bor. Tesla Model Y esa reytingda faqat 20-o‘rinni egallagan.

Manba: Autohome

YU7 modeli sotuv boshlanganidan buyon barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. 2025-yil avgust oyida 23-o‘rinda bo‘lgan model dekabrda uchinchi pog‘onaga ko‘tarildi. 2026-yil yanvarda esa birinchi o‘ringa chiqdi.

Yanvar oyida sotuvlar dekabrga nisbatan biroz kamaygan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich umumiy reytingda yetakchilik uchun yetarli bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely tarkibidagi Zeekr brendi yangi 8X yirik plug-in gibrid krossoverini Xitoy bo‘ylab 30 ming kilometr masofada sinovdan o‘tkazgandi. Model Xitoyning eng shimoliy hududi bo‘lgan Mohe shahrida sinovdan o‘tgan. Bu yerda harorat −53 darajagacha tushadi. Shuningdek, avtomobil Tibet yaylovlari, cho‘l hududlari va baland tog‘ dovonlarida ham tekshirildi.