Avto

Yangi Hyundai Elantra avtomobili sinovlarga chiqdi

Salonda Android Automotive platformasiga asoslangan yangi Pleos multimedia tizimi paydo bo‘lishi kutilmoqda
Foto: Hyundai

Hyundai Elantra modelining sakkizinchi avlod prototipi umumiy yo‘llarda sinovdan o‘tayotganda suratga olindi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. Model 2026-yilda taqdim etilishi kutilmoqda.

Kuzov dizayni tubdan o‘zgargan. Amaldagi avlod keskin va siniq chiziqlari bilan ajralib turardi. Yangi model esa yanada «kvadrat» uslubda bo‘ladi. Old qismi balandroq qilib ishlanadi.

Foto: carcoops

Eng e’tiborli detal T shaklidagi kunduzgi LED chiroqlar bo‘lib, ular to‘g‘ri to‘rtburchak faralar ustiga joylashtirilgan.

Radiator panjarasi kichraygan. Orqa ustun esa ancha massiv ko‘rinishga ega. Orqa fonarlar vertikal shaklda ishlangan. Shu sababli dizayn ayrim jihatlari bilan Cadillac modellari uslubini eslatadi.

Foto: Hyundai

Salonda Android Automotive platformasiga asoslangan yangi Pleos multimedia tizimi paydo bo‘lishi kutilmoqda. Tizim sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Texnik jihatdan Elantra yangi Kia K4 bilan bir xil platformadan foydalanadi. Dvigatel qatorida 2,0 litrli 147 ot kuchiga ega atmosfera motor bo‘lishi mumkin. Shuningdek, 1,6 litrli 190 ot kuchli turbo versiya ham kutilmoqda.

Foto: Hyundai

Modelning gibrid talqini va sport ruhidagi Elantra N versiyasi ham taqdim etilishi ehtimoli yuqori. Rasmiy debyut 2026-yilda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Bayon avtomobili qanday o‘zgarishi haqida yozgan edi.