
Apple kompaniyasi yaqin kunlarda yangi MacBook Air modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 9to5Mac nashri ma’lum qildi.
Yangi noutbuk M5 chipi bilan jihozlanadi. Bu hozirgi M4 protsessoriga nisbatan ishlash tezligini oshiradi. Benchmark testlariga ko‘ra, M5 chipi bitta yadro CPU ishlashida 9-10%, ko‘p yadro CPU ishlashida 19% va GPU ishlashida 37% tezroq natija beradi.
Bundan tashqari, M5 SI hisoblash quvvatini 4 barobar oshiradi va kuchliroq CPU, tezroq Neural Engine hamda kengroq xotira o‘tish tezligini ta’minlaydi.
Dizayn va ekran o‘lchamlari avvalgidek qoladi — 13 hamda 15 dyuym. Boshqa texnik yoki tashqi o‘zgarishlar kutilmayapti.
Apple yangi MacBook Air’ni yilning birinchi yarmida chiqarishi kutilmoqda. Oldingi avlod M4 MacBook Air esa 2025-yil mart oyida taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei’ning noutbuk o‘rnini bosuvchi planshetni taqdim etgani haqida xabar bergan edik.