
Geely tarkibidagi Zeekr brendi yangi 8X yirik plug-in gibrid krossoverini Xitoy bo‘ylab 30 ming kilometr masofada sinovdan o‘tkazdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, avtomobil turli iqlim va yo‘l sharoitlarida tekshirildi.
Model Xitoyning eng shimoliy hududi bo‘lgan Mohe shahrida ham sinovdan o‘tgan. Bu yerda harorat −53 darajagacha tushadi. Shuningdek, avtomobil Tibet yaylovlari, cho‘l hududlari va baland tog‘ dovonlarida ham tekshirildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 30 ming kilometrlik sinov muvaffaqiyatli yakunlangan. 900 voltli yuqori kuchlanishli tizim va to‘liq uzatma sovuq va baland tog‘ sharoitida barqaror ishlagan. Model 10 dan ortiq turli yo‘l rejimiga ega.
Zeekr 8X BMW X5 ga o‘xshash kuzov dizayniga ega. U SEA-S platformasida ishlab chiqilgan va 5 yoki 6 o‘rindiqli variantda taklif etiladi. Avtomobil o‘lchamlari 5100/1998/1780 mm, g‘ildirak bazasi 3069 mm. U 2000 kg gacha yukni torta oladi.
Model 2,0 litrli turbinali dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 275 ot kuchini tashkil etadi. Elektr motorlari haqida aniq ma’lumot berilmagan, biroq Zeekr 9X modelidagi kuch qurilmasi qo‘llanishi mumkin. Batareya sig‘imi 55,1 kVt/soat va 70 kVt/soat variantlarda bo‘ladi. To‘liq elektr yurish zaxirasi 256–328 km atrofida.

Zeekr 8X barcha sinov bosqichlarini yakunlagach, kompaniya modelni faol ravishda bozorga chiqarishga tayyor ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq narxini yaxshi saqlaydigan avtomobillar haqida ma’lumot berilgandi. 2026-yil yanvar oyidagi tahlillarga ko‘ra, eng kam qiymat yo‘qotgan model Toyota RAV4 bo‘ldi. U ikki yilda atigi 6% arzonlashgan.
