Zo‘ravonlikka uchragan bolalarga ijtimoiy xizmatlarni tashkil qilish tartibi qanday

Hukumatning 2026-yil 9-fevraldagi qarori bilan «Zo‘ravonlikdan jabrlangan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar hamda ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlarni tashkil qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlar zo‘ravonlikdan jabrlangan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun himoya qilish rejasiga muvofiq ko‘rsatiladi. Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun individual integratsiya rejasiga muvofiq ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat shakllari
- 6 oygacha bo‘lgan muddatga qisqa muddatli ijtimoiy xizmatlar;
- 1 yilgacha bo‘lgan muddatga uzoq muddatli ijtimoiy xizmatlar;
- 1 yilgacha bo‘lgan muddatga tun-u kun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalari uchun «Mehrli oila» xizmati.
Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi
Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish istagini bildirgan YATT yoki yuridik shaxslar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimining («Ijtimoiy himoya» AT) Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilarning yagona reyestriga kiritilishi lozim. Bunda «Ijtimoiy himoya» ATda ro‘yxatdan o‘tish uchun talabgor tomonidan so‘rovnoma to‘ldiriladi.
So‘rovnoma 10 ish kuni ichida talabgorning bir nechta talablarga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganib chiqiladi. Bunda talabgorda kamida 2 nafar psixoijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi kamida 1 yillik ish stajiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lishi, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma ham bor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bino va inshootlarda sanitariya holati ta’minlangan bo‘lishi shart.
So‘rovnoma tasdiqlanganidan so‘ng talabgor yagona reyestrga kiritiladi va bu to‘g‘risida uning «Ijtimoiy himoya» ATdagi shaxsiy kabinetiga elektron xabarnoma yuboriladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash hamda to‘lash tartibi belgilangani haqida yozgandi.