Avto

700 ot kuchiga ega noyob «Volga» qariyb 4 ta Malibu narxida sotuvga chiqdi

Loyiha 1969-yilgi «Volga» asosida tayyorlangan
700 ot kuchiga ega noyob «Volga» qariyb 4 ta Malibu narxida sotuvga chiqdi
Rasm SI yordamida tahrir qilingan

Rossiyada GAZ-24 bazasida yaratilgan noyob «Volga KGB» restomod avtomobili sotuvga chiqarildi. Loyiha 1969-yilgi «Volga» asosida tayyorlangan.

Foto: Auto.ru

Avtomobil DSC OFF va GoshaTurboTech jamoalari tomonidan qayta ishlangan. Kuzov mustahkamlangan va to‘liq yangilangan. Kapoti ostiga Toyota 2JZ-GTE dvigateli o‘rnatilgan. U maxsus qismlar va Garrett turbina bilan jihozlangan. Quvvati boshqaruv moduliga qarab 450 dan 700 ot kuchigacha yetadi.

Foto: Auto.ru

Mashina Toyota R154 mexanik uzatmasi va blokirovkali differensial bilan ta’minlangan. Osma qismi Toyota Mark II agregatlari asosida qurilgan. Tormoz tizimi HP-Brakes tomonidan maxsus tayyorlangan. Avtomobilning maksimal tezligi 250 km/soatdan yuqori.

Foto: Auto.ru

Salon sport o‘rindiqlar, xavfsizlik karkasi, yong‘inga qarshi tizim va karbon bezaklar bilan jihozlangan.

Foto: Auto.ru

Mazkur restomodning narxi 9 mln rubl (1,4 mlrd so‘m) etib belgilangan. O‘zbekistonda bu narxga deyarli 4 ta yangi Chevrolet Malibu XL xarid qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada bitta nusxadagi hukumat limuzini 30 ta Chevrolet Cobalt narxida sotuvga chiqqani haqida xabar berilgandi. Avtomobilning yurilgan masofasi 69 ming kilometrni tashkil etadi. ZIL-117P klassik limuzin bo‘lib, old va orqa o‘rindiqlar orasida ichki to‘siq mavjud.