«Arsenal» «Brentford» bilan durang o‘ynab, chempionlik poygasida ochko yo‘qotdi

13-fevral 2026 10:39 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: arsenal.com

«Arsenal» klubi APLning 26-turida «Brentford» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Mikel Arteta jamoasining turnir jadvalidagi «Manchester Siti»dan ustunligi to‘rt ochkoga qisqardi.

O‘yinning 60-daqiqasida Noni Madueke bosh bilan aniq zarba yo‘llab, «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq oradan atigi 10 daqiqa o‘tib, mezbonlar muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Maykl Kayodening uzoq masofadan uzatgan to‘pini Kin Lyuis-Potter bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Брентфорд VS Арсенал - Обзор

«Arsenal» tarkibida betobligi sababli himoyachi Vilyam Saliba maydonga tushmadi va jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish eta olmadi. Raqib hujumchisi Igor Tyagoning bosh bilan bergan xavfli zarbasini David Raya qaytarib qoldi. Ikkinchi bo‘limda Martin Edegor o‘rniga maydonga tushgan Eberechi Eze ham o‘yinni o‘zgartira olmadi.

Foto: arsenal.com

O‘yinning so‘nggi daqiqalarida «Arsenal»da g‘alaba qozonish imkoni bo‘ldi, biroq zaxiradan maydonga tushgan Gabriel Martinellining zarbasini «Brentford» darvozaboni Kaomin Kellexer bartaraf etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» «Chelsi»ni mag‘lub etib, Angliya Liga kubogi finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek