Yangiliklar

Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida mikrosanoat markazlari tashkil etiladi

Andijon viloyatida $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan
Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida mikrosanoat markazlari tashkil etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Viloyat aholisi eng zich hududlardan biri bo‘lib, 3,5 mlndan ortiq kishi istiqomat qiladi. Har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etiladi. Yer resurslari cheklanganligi sababli har bir gektar, loyiha va investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rinlari yaratishi shartligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar va maqsadlar

2025-yil yakunlariga ko‘ra, viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 107,7 trln so‘mni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoatda 7,2 foiz, xizmatlar sohasida 15,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi. 2026-yilda iqtisodiyot va sanoatni 8 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga oshirish rejalashtirilgan. Xorijiy investitsiyalar 3,5 mlrd dollarga, eksport esa 1,5 mlrd dollarga yetkazilishi belgilangan.

Bandlik va kambag‘allikni kamaytirish

2025-yilda 383 ming aholining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 489,5 mingga yetkaziladi. Ishsizlik 3,6 foizga, kambag‘allik esa 2,4 foizga tushirilishi rejalashtirilgan. Ayrim tumanlarda kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish topshirig‘i berildi.

Foto: President.uz

Investitsiyalar va mikrosanoat loyihalari

Viloyatda $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida mikrosanoat markazlari tashkil etiladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sovitkichli omborlar barpo etiladi.

Qishloq xo‘jaligi rivoji

Paxtachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish, yangi texnika sotib olish, kam samarali bog‘larni intensiv bog‘larga aylantirish va yerlarni qayta ishlatish choralari ko‘riladi.
Gulchilik, koʻchatchilik, issiqxonachilik va uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.

Turizm va shahardagi infratuzilma

Xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni 2,5 mlnga yetkazish rejalashtirilgan. Turizm markazlari rivojlantiriladi, shahardagi gavjum ko‘chalarda savdo va dam olish maskanlari barpo etiladi.

Uy-joy qurilishi

«Yangi O‘zbekiston» massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda 158 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi kutilmoqda. «Qurilishga tayyor yer» tizimi orqali loyihalarni boshlash muddatini qisqartirish rejalashtirilgan.

Ta’lim va yoshlar rivoji

Viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi va 56 ta texnikum faoliyat yuritmoqda, talabalarning kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Yoshlar uchun sport, madaniyat va san’at sohalarida subsidiya ajratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshadagi universitet Andijondagi filialiga $2,3 mln sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edik.