Bosh prokuratura past quvvatda ishlayotgan korxonalarni o‘rganadi

Bosh prokuraturaga past quvvatda ishlayotgan loyihalarni o‘rganish topshirildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditlar hajmi oshayotgani, biroq ayrim hududlarda bu mablag‘larning iqtisodiy o‘sishga, yangi ish o‘rinlariga va budjet tushumlariga ta’siri yetarli darajada bo‘lmayotgani qayd etildi. Masalan, Tuproqqal’a, Kitob, Yakkabog‘ va Paxtachi tumanlarida ajratilgan kreditlar kamida 20 foizga oshgan. Shunga qaramay, sanoat o‘sishi 3 foizga ham yetmagan.
Qayd etilishicha, agar viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari korxonalar muammolarini vaqtida eshitib, tezkor yechim topganida, respublika sanoati qo‘shimcha 1 foizga, yalpi ichki mahsulot esa 0,1 foizga o‘sishi mumkin edi. Natijada budjetga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum kelib tushardi.
Shu sababli davlat rahbari Bosh prokuraturaga so‘nggi uch yilda ishga tushgan, biroq past quvvatda ishlayotgan loyihalarni va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni batafsil o‘rganishni topshirdi.
Mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga oshirish bo‘yicha tarmoq va hududlar kesimida aniq reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi. Birinchi chorak yakunida korxonalardagi muammolar soni va ularning yechimi asosida rahbarlar faoliyatiga baho beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda YIM hajmini $167 milliardga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.