
O‘zbekistonda «Eng yaxshi startap g‘oyasi» va «Eng innovatsion g‘oya» tanlovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
«Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovining tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga esa 10 mln so‘mgacha mukofot puli beriladi. Loyihalar har chorakda ota-onalar, biznes vakillari va ilmiy hamjamiyat ishtirokida taqdimot qilinadi. Shuningdek, marketplace platformalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ta’lim muassasalarida ishlab chiqilgan mahsulotlarni sotish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab kraudsorsing tizimi ham ishga tushiriladi. Bunda davlat organlari va davlat ulushi mavjud korxonalar o‘z sohasidagi muammolarni maxsus elektron platformaga joylashtirib, yechim uchun tanlov e’lon qiladi. Har oy «Startap kuni» uchrashuvlari o‘tkazilib, tashabbuskorlar bilan muloqot qilinadi.
Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab har yili «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi. Ushbu tanlov startapga aylanish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlashga qaratilgan. Tanlov davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga 100 mln so‘mdan grant ajratiladi. Respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 10 mlrd so‘m etib belgilangan.
2026-yil 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalarida «Oliyohlar – startaplar generatori» dasturi amalga oshiriladi. Unda IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari tashkil etiladi. Talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka hamda almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri notariuslikka tanlov qanday tartibda o‘tkazilishi haqida yozgan edi.