
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvdan oldin Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Bu haqda n-tv xabar berdi.
Nashrning yozishicha, diqqat markazida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bor. Vadeful Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «urush mashinasini» jilovlash uchun unga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etganini aytdi. Ammo uning urg‘ulashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyaga Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishga imkon bermoqda.
«Ushbu sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlar Rossiyaning urushini qo‘llab-quvvatlaydi va shu tariqa Yevropa Ittifoqining xavfsizlik manfaatlariga bevosita tahdid soladi», – dedi Vadeful.
11-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yohann Vadeful bilan uchrashgani, strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida yozdi.

Saidovning ma’lum qilishicha, savdo, energetika va mintaqaviy barqarorlik kabi muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 26-yanvarda Yevropa Ittifoqi Rossiya gazi yetkazib berishni to‘liq taqiqlashni ma’qulladi , bu 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. 1-martga qadar a’zo davlatlar «gaz importini diversifikatsiya qilish bo‘yicha milliy rejalar»ni ishlab chiqishi shart bo‘ladi. Va 2027-yil oxiriga borib, Yevropa Komissiyasi Rossiya nefti importini bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha qonun loyihasini taklif qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy Osiyo qachon Rossiyani iqtisodiy jihatdan va aholi soni bo‘yicha ortda qoldirishi haqida yozgandi.