
Ilon Mask xAI kompaniyasida ro‘y berayotgan yirik o‘zgarishlar va asoschilarning ketishi bo‘yicha bayonot berdi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Shu haftada yana ikki nafar hammuassisning jamoani tark etishi bilan kompaniyaning dastlabki 12 nafar asoschisidan roppa-rosa yarmi — 6 nafari ishdan ketdi.
Mask xodimlarning ketishini ularning malakasi bilan emas, balki kompaniyaning o‘sish sur’ati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, xAI hozirda yangi bosqichga o‘tmoqda va ba’zi mutaxassislar startapning ilk davri uchun juda mos bo‘lsa-da, kompaniya kengaygan sari yangi tuzilmaga moslashishi qiyin kechishi mumkin.
Keyinchalik Mask ushbu ketishlar ixtiyoriy emas, balki rejalashtirilgan «tozalash» ekanini tasdiqladi. Ish sur’atini oshirish maqsadida kompaniya bir necha kun avval qayta tashkil etilgan va bu jarayon ba’zi xodimlar bilan xayrlashishni talab qilgan.
O‘tgan bir hafta ichida xAI jamoasini kamida 11 nafar muhandis tark etgan. Ularning ayrimlari mustaqil loyihalarini boshlashni rejalashtirmoqda. Mutaxassislar SI texnologiyalarini katta korporativ tizimda emas, balki kichikroq va mustaqil jamoalarda tezroq rivojlantirish mumkin deb hisoblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask kosmosda SI ma’lumotlar markazi qurmoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik.