
Rossiyada Jetour T2 egasi avtomobil haqidagi shaxsiy taassurotlari bilan bo‘lishdi. Bu haqda auto.ru nashri xabar berdi. Model 700 km masofani bosib o‘tgan.
Unga ko‘ra, Jetour T2 shahar harakati va shahar tashqarisiga chiqishlar uchun mos. Uzoq masofalarga safarda ham qulaylik beradi. Haydovchi o‘rindig‘idagi massaj funksiyasi belni charchatmaydi.
Egasi xarid qilishdan oldin albatta test-drayvdan o‘tishni tavsiya etgan. Uning aytishicha, aynan sinov haydovi avtomobilning mos yoki mos emasligini aniq ko‘rsatadi.

Mashinaning asosiy kamchiliklaridan biri bu orqa o‘rindiq siljimaydi. Faqat suyanchiqlari yotqizilib, tekis pol hosil qilinadi. Bu ba’zi xaridorlar uchun muhim omil bo‘lishi mumkin.
Jetour T2 dizayni bilan e’tibor tortadi. 20 dyuymli disklar va baland klirens avtomobilga yo‘lda jiddiy ko‘rinish beradi. Trassada ham ishonchli harakatlanadi. Uning fikricha, bu model BMW darajasida emas. Ammo narxini inobatga olganda yaxshi tanlov sanaladi. Avtomat uzatma varianti olingan, robot quti tanlanmagan.
Dastlabki 3-4 ming km davomida yonilg‘i sarfi yuqori bo‘lishi mumkin. Keyin ko‘rsatkichlar me’yorga tushadi. Trassada 100 – 110 km/soat tezlikda 8,4 litr sarf qayd etilgan. Salon och rangda. Orqa o‘rindiqlar uchun bolalar sababli qo‘shimcha g‘ilof olingan. Bagaj shahar uchun yetarli. Uzoq safarlarda tomga yuk qutisi o‘rnatish tavsiya etiladi.

Egasi 700 km bir tomonga va 700 km ortga safar qilganini yozgan. Orqa o‘rindiq yotqizilganda 3,8 metrlik PFX qayiq va 9,8 ot kuchli motor sig‘gan. Qo‘shimcha yuklar ham joylashgan va ko‘rish burchagi yopilmagan.
Kamchiliklardan yana biri 120 km/soatdan yuqori tezlikda yon oynalarda yengil titrash seziladi. Bundan tashqari, keskin burilishlarda avtomobil og‘irroq harakat qiladi.
Ba’zi holatlarda, ayniqsa tirbandlikda gaz berilganda, mayda siltanish kuzatilishi mumkin. Egasi bunga moslashish kerakligini yozgan. Lok-bo‘yoq qoplamasi zaifligi ham qayd etilgan. Old qismini himoya plyonkasi bilan qoplash tavsiya qilinadi.
Umuman olganda, muallif avtomobildan mamnun. Jiddiy nosozliklar qayd etilmagan. U Jetour T2’ni o‘z narx segmentida muvaffaqiyatli model deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Jetour T1 haqida yozgan edi.