Yangiliklar

Korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi — Franklin Templeton

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, xarajatlarni kamaytirish va foydani oshirish bo‘yicha sezilarli zaxiralar mavjud
Korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi — Franklin Templeton
Foto: Kursiv Uzbekistan

Franklin Templeton kompaniyasi tahlilchilari O‘zbekistondagi korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmasligini qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, xarajatlarni kamaytirish va foydani oshirish bo‘yicha sezilarli zaxiralar mavjud.

Franklin Templeton Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqaradi. Ushbu jamg‘arma qiymati qariyb $2 milliard bo‘lgan O‘zbekistonning 15 ta aksiyadorlik jamiyatida 25 foizdan 40 foizgacha ulushga ega.

Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda 19 ta strategik korxona rahbarlariga aniq vazifalar belgilandi. Ular xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi yo‘nalishlarida tizimli ishlashi kerak. Maqsad ishlab chiqarish tannarxini 10–20 foizga qisqartirishdan iborat.

«Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan emas, balki bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta’minlanishi shart», — degan prezident.

Yig‘ilishda strategik korxonalarni «Yagona g‘aznachilik» axborot tizimiga to‘liq ulash zarurligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nasdaq va Franklin Templeton O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishini qanday tezlashtirishi mumkinligi haqida yozgan edi.