
O‘zbekiston prezidenti mutasaddilarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo importiga belgilangan bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish vazifasini yukladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 mlrd so‘mlik imtiyozdan foydalanishi natijasida eksport hajmini $83 mlnga, budjetga tushumlarni esa 46 mlrd so‘mga oshirishga erishgan. Ushbu korxonalar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan alyumin katankani import qilishda boj imtiyozi muddatini uzaytirish bo‘yicha taklif kiritgan.
Xuddi shunday, zargarlik sanoati uchun qimmatbaho toshlar, metallurgiya uchun maxsus bo‘yoqlar va oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham bojlar belgilanganligi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, xomashyo ta’minotidagi yengilliklar sohalar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, gilam ishlab chiqaruvchilar uchun kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani sababli so‘nggi uch yilda soha eksporti 2 barobar oshgan. Mebelchilikda esa yog‘och importiga berilgan yengilliklar hisobiga ishlab chiqarish ikki yilda 1,4 barobar ko‘paygan.
Hozirgi kunda mebel, eshik-rom va maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilari polimer, alyumin, pigment hamda qadoqlash materiallari zaxirasini yaratish masalasini ko‘tarmoqda.
«Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga katta turtki beradi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Davlat rahbari kichik korxonalarning xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, import geografiyasi, narx va transport xarajatlarini hisob-kitob qilgan holda zaxira shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ohangarondagi mis zavodiga 14,9 million dollar investitsiya kiritilgani haqida xabar bergan edi.