
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil yanvar oyida bank-moliya tizimi barqarorligini ta’minlash va qonunchilik ijrosini nazorat qilishga doir qator muhim masalalarni ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Oltita yig‘ilish davomida jami 27 ta masala o‘rganilib, ularning 17 tasi kredit va to‘lov tashkilotlarini ro‘yxatga olish hamda ruxsat berish yo‘nalishiga tegishli bo‘ldi. Xususan, kredit tashkilotlari ustavini o‘zgartirish, ulushlarga egalik qilish va rahbar xodimlar nomzodini tasdiqlash bilan bog‘liq qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, mikromoliya bozori va to‘lov tizimlari tarkibida o‘zgarishlar yuz berdi. «Baraka Biznes Hamkor» va «Effective Money» mikromoliya tashkilotlari, shuningdek, «IT Unisoft Group» to‘lov tashkiloti o‘z arizalariga muvofiq tegishli reyestr va litsenziyalardan chiqarildi. Nazorat tadbirlari davomida moliya muassasalarining moliyaviy holati va prudensial me’yorlarga rioya etishi ham tanqidiy tahlil qilindi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qonunchilik talablarini buzgan to‘rtta to‘lov tashkiloti qat’iy ogohlantirildi. Korporativ kartalarga xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar va inspeksiya davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun yettita bank va bitta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Tizimdagi eng jiddiy chora Yangi bank aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan qo‘llanilib, uning bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi bekor qilindi. Bunga bankning ustav kapitalini belgilangan minimal miqdorga yetkazmagani hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Markaziy bank ko‘rsatmalarini bajarmagani asosiy sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari haqida yozgan edik.