Gadjetlar

Meta aqlli ko‘zoynaklariga insonlarni tanish funksiyasini qo‘shmoqchi

Funksiya Name Tag deb ataladi
Meta aqlli ko‘zoynaklariga insonlarni tanish funksiyasini qo‘shmoqchi / Foto: Meta

Meta o‘zining aqlli ko‘zoynaklariga yuzni tanish funksiyasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Name Tag deb nomlanuvchi ushbu funksiya foydalanuvchilarga ko‘zoynak orqali qarshisidagi insonlarni aniqlash va Meta AI assistenti yordamida ular haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Ichki hujjatlarga ko‘ra, Meta dastlab ushbu funksiyani ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan konferensiya ishtirokchilari orasida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan, biroq keyinchalik bu niyatidan qaytgan.

Meta AQShdagi hozirgi siyosiy vaziyatni ushbu funksiyani ishga tushirish uchun qulay fursat deb hisoblamoqda. Hujjatlarga ko‘ra, siyosiy jarayonlar faol kechayotgan bir paytda, Meta’ni tanqid qilishi kutilgan fuqarolik jamiyati guruhlarining e’tibori boshqa muhimroq masalalarga qaratilgan bo‘ladi.

Meta 2021-yilda Ray-Ban bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan aqlli ko‘zoynaklarning ilk versiyasiga ushbu texnologiyani qo‘shishni ko‘rib chiqqan. Biroq texnik murakkabliklar va axloqiy me’yorlar sababli loyihani to‘xtatgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta foydalanuvchi faolligini SI bilan takrorlovchi tizimga patent olgan edi.