Meta foydalanuvchi faolligini SI bilan takrorlovchi tizimga patent oldi

13-fevral 2026 07:36 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Meta ilovalari uchun yangi obuna xizmatlarini joriy etadi
Meta foydalanuvchi faolligini SI bilan takrorlovchi tizimga patent oldi / Foto: DRH

Meta kompaniyasi foydalanuvchining o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarda faol onlayn bo‘luvchi sun’iy intellekt tizimiga patent oldi. Bu haqda Business Insider ma’lum qildi.

Patent hujjatlarida qayd etilishicha, til modeli foydalanuvchi tizimda vaqtincha mavjud bo‘lmagan holatlarda, masalan, uzoq tanaffus qilganda yoki vafot etgan taqdirda uning harakatlarini takrorlashi mumkin. Vafot etish holati patent matnida bevosita tilga olingan.

Mazkur tizim foydalanuvchining avvalgi faolligiga asoslanib ishlaydi. Sun’iy intellekt kontentni ko‘rish, «layk» bosish va izoh qoldirish kabi harakatlarni amalga oshira oladi. Taqlid aynan muayyan foydalanuvchining uslubi va odatlariga mos ravishda bajarilishi ko‘zda tutilgan.

Texnologiya ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yurituvchi blogerlar va inflyuenserlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Ular tanaffus paytida ham akkaunt faolligini saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kompaniya vakili ushbu texnologiyani hozircha yanada rivojlantirish rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada WhatsApp va YouTube butunlay bloklangani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek