Yangiliklar

Ohangaronda 15 mln dollarlik mikrochip zavodi qurilmoqda

Hozircha qurilish ishlarining 15 foizi bajarilgan
Ohangaronda 15 mln dollarlik mikrochip zavodi qurilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ohangaronda $15 mlnlik mikrochip zavodi qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumanida amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi. Loyiha «Vades Group» kompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilmoqda.

Korxonada identifikatsiya uchun mikroprotsessor modullari ishlab chiqariladi. Shuningdek, SIM-kartalar va transport hamda xalqaro to‘lov kartalari tayyorlanadi.

2025-yil 22-yanvarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan edi. Hujjatda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish vazifasi qo‘yilgan.

Yangi loyiha raqamli davlat xizmatlari uchun zarur mahsulotlarni yetkazib beradi. Fuqarolar uchun xavfsiz va qulay to‘lov tizimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Korxona Germaniyaning Infineon Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Loyiha «Eltech Industrial» texnoparki hududida joylashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozircha qurilish ishlarining 15 foizi bajarilgan. $7 mln investitsiya o‘zlashtirilgan.

Majmua 4 gektar maydonni egallaydi. 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yiliga $6 mln eksport qilish rejalashtirilgan.

2025-yilda O‘zbekiston $35 mlnlik mikroprotsessor va to‘lov kartalari import qilgan. Zavod ishga tushgach, $5 mlnlik import o‘rni bosiladi. Mahsulot tannarxi 3-5 foizga arzonlashishi kutilmoqda.

Mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik va Kambodjaga eksport qilinadi. Korxona ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDHda uchinchi o‘ringa chiqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ohangaronda 60 mln dollarlik yuqori kuchlanishli kabel zavodi qurilayotgani haqida yozgan edi.