
Ohangaronda $60 mlnlik yuqori kuchlanishli kabel zavodi qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, Enco Group korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxona yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining oʻsishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois Belarusning Energokomplekt kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida yangi korxona qurilishi amalga oshirilmoqda.

Zavod 21 gektar maydonda barpo etilmoqda va umumiy qiymati qariyb $60 mlnni tashkil qiladi. To‘liq quvvatga chiqqach, 600 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi $140 mlngacha yetishi mumkin. Mahsulotlar Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga yetkazib beriladi.

O‘tgan yili O‘zbekistonga $400 mlnga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari import qilingan. Yangi zavod ishga tushgach, $150 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Tashrif davomida davlat rahbariga ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turini kengaytirish va mahalliylashtirish darajasini ko‘paytirish bo‘yicha rejalari taqdim etildi. Prezident sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida mikrosanoat markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.