
Mitsubishi Delica D:5 avtomobili Yaponiyada oila uchun eng yaxshi model deya e’tirof etildi. Bu haqda BestCar nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, qaror nufuzli nashrning mutaxassislari va sharhlovchilari tomonidan bir nechta nomzodlarni muhokama qilgan davra suhbatida qabul qilindi.
Tanlov qanday mezonlar asosida o‘tkazildi
Tanlovda hakamlar bir nechta asosiy jihatlarni baholadi. Avtomobilning yomon yo‘llardagi barqarorligi, salon kengligi va amaliyligi, yo‘lovchilar uchun qulayligi, kundalik hamda sayohat rejimida foydalanish imkoniyati sinchiklab ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, modelning bozor pozitsiyasi va texnik xususiyatlari o‘rtasidagi muvozanat ham muhim omil bo‘ldi.
Nega aynan Delica g‘olib bo‘ldi
Tanlovda raqobatchilar qatorida Toyota Land Cruiser 250 ham tilga olingan. Biroq ekspertlar Delica D:5 modeli «hammasi birda» konsepsiyasini yaxshiroq ifodalaydi degan xulosaga kelgan.

Model miniven kengligi va qulayligini saqlagan holda, yo‘ltanlamaslarga xos imkoniyatlarni taqdim etadi. To‘liq uzatma tizimi, baland klirens va mustahkam konstruktsiya uni asfalt yo‘ldan tashqarida ham ishonchli qiladi. Shu bilan birga, u oilaviy foydalanish uchun ham mos.
Ekspertlar fikricha, Land Cruiser ko‘proq tor ixtisoslashgan va jiddiy yo‘ltanlamas segmentiga yaqin. Delica esa universalligi bilan ustunlik qozongan.
Ichki bozordagi ahamiyati
Bu e’tirof faol hayot tarzi va sayohat uchun mo‘ljallangan avtomobillar segmentida muhim baholanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan, Delica eski avlodlari hanuz mashhur. To‘liq 4WD tizimi, yuqori klirens va keng salon uni oilaviy sayohatlar uchun qulay variantga aylantirgan.
D:5 modeli ko‘plab bozorlarda rasmiy ravishda taqdim etilmagan bo‘lsa-da, ayrim import variantlari uchrab turadi. Yaponiyadagi navbatdagi e’tirof esa modelning yillar davomida shakllangan obro‘sini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mitsubishi Pajero 2026-yilda rasman bozorga qaytishi haqida yozgan edi.