
Qozog‘istonning «Otbasy banki» O‘zbekiston bozoriga kirishni reja qilmoqda. Bu haqda Bayterek xoldingi boshqaruv raisi o‘rinbosari Timur Onjanov Bloomberg’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xolding bankning yagona aksiyadori hisoblanadi. Shuningdek, xolding moliya tashkilotini Malayziya va Yaqin Sharq davlatlari bozorlariga olib chiqishni ham ko‘rib chiqmoqda. Rejada ipoteka kreditlashni rivojlantirish va islomiy moliya vositalarini joriy etish ham bor.
Onjanovning qo‘shimcha qilishicha, xolding va bank joriy yilda xorijdan kreditlar jalb etishni rejalashtirmoqda. Mablag‘lar bevosita banklardan yoki yevroobligatsiyalar chiqarish orqali olinishi mumkin.
Xolding yuanda obligatsiyalar chiqarishni ko‘rib chiqmoqda. Kelajakda esa iyenada ham emissiya qilish ehtimoli bor.
«Xitoy bizning asosiy eksport-import bozorimiz hisoblanadi. Shu sabab ko‘plab xaridorlar yuanga qiziqish bildirmoqda», – dedi Onjanov.
Avvalroq «Kursiv» Islom taraqqiyot banki (IsDB) O‘zbekiston infratuzilmasi va ta’lim sohasini rivojlantirish uchun $164 mln miqdorida mablag‘ ajratgani haqida yozgandi.