O‘zbekiston 2026-yilda ishlab chiqarishni 15 foizga oshiradi

eʼlon qilindi
Tarmoq rahbarlariga eksportni $150 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi
Boku
Foto: Uzsm

O‘zbekiston 2026-yilda ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident ichki bozordagi talab bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bois, bu yil vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga chiqish bo‘lishi belgilandi.

O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, $24 mlrdga yetdi. Biroq ayrim rahbarlar eksportda eski ish uslubidan voz kecha olmayotgani qayd etildi. Masalan, to‘qimachilik mahsulotlari 76 ta davlatga yetkazilayotgan bo‘lsa-da, eksportning 80 foizi atigi 6 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tarmoq rahbarlariga bu yil keskin o‘zgarish qilib, ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirish, Yevropa, AQSh va boshqa yuqori daromadli bozorlarga chiqish hamda eksportni $150 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Pilla kooperativi uchun subsidiya ajratiladi

Shuningdek, yig‘ilishda pilla kooperativi tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi qayd etildi. Uyida pilla yetishtiradigan oilalarga xonani jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 mln so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Har bir kilogramm pilla uchun klasterlar to‘laydigan 40 ming so‘mga qo‘shimcha 15 ming so‘m subsidiya ajratiladi. Urug‘chilik korxonalari jalb qilgan mavsumiy ishchilar maoshining yarmi kompensatsiya qilinadi.

Endilikda rahbarlardan eksport faqat hajm bo‘yicha emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar bo‘yicha ham talab qilinadi. Hokimlar va ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari elchilar bilan hamkorlikda qaysi davlatda qanday mahsulotga talab borligini o‘rganib, ishni shunga mos tashkil etishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

2026-yilda Tunis, Marokash, Senegal, Iroq, Avstraliya, Portugaliya, Gretsiya va Nordik davlatlarda «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, «100 ta mahsulot akseleratori» dasturi orqali Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlariga eksportni yiliga kamida 25 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident tarmoq rahbarlari mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot yaratish haqida doim bosh qotirishi kerakligini aytgandi. Bunda xomashyoni chuqur qayta ishlash iqtisodiyot uchun qo‘shimcha qiymat yaratadi.

Shuningdek