O‘zbekistonda sanoat nazorati uchun yangi platforma ishga tushadi

eʼlon qilindi
Davlat xaridlarida import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish tizimi joriy etilmoqda
Foto: norma.uz

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, texnik ko‘rsatkichlari va sertifikatlarini jamlovchi yangi platformani ishga tushiradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi platformaga tarmoq rahbarlari va hududiy sanoat shtablari tomonidan har bir korxonaning mahsuloti nomma-nom, texnik xususiyatlari bilan birga kiritiladi. Davlat kompaniyalari import qilayotgan tovarlar hajmi va ularning texnik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda ushbu portalda e’lon qilib boriladi. Bu mahalliy mahsulot mavjud bo‘lgan taqdirda, asossiz import xaridlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Sanoatni rivojlantirish maqsadida mahalliy va xorijiy konsultantlar jalb qilinib, import xomashyo va butlovchi qismlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari bilan loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 25–30 foizga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ustuvor vazifa qilib belgilangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mahalliylashtirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etiladigan alohida jamg‘arma hisobidan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Xususan, loyihalar uchun 10 yilgacha muddatga xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada esa 12 foizli kreditlar beriladi. Bundan tashqari, ilg‘or texnologiyalar transferi uchun $1 mlngacha, sanoat startaplari uchun esa 1 mlrd so‘mgacha kompensatsiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat korxonalari muhandislari uchun alohida rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Agar muhandislar import tovarlardan arzonroq bo‘lgan mahalliy mahsulot yaratsalar, tejalgan mablag‘ning 20 foizi ularga mukofot sifatida beriladi. Mazkur choralar mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish va valyuta chiqib ketishini kamaytirishga qaratilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan milliy turizm yagona platformasi xalqaro Booking va Agoda bilan integratsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek