Ko’chmas mulk

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida narxlar qanday? Yanvar oyi natijalari

Toshkentda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati ham yuqoriladi
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi
Foto: Depositphotos

2026-yilning yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumot berdi.

Ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4 foizga oshdi. Bu esa respublikaning barcha hududlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shuningdek, Samarqand (26 foiz) va Sirdaryo (24 foiz) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Yanvarda ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9 foizga oshdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar o‘sishi 8 foizni tashkil etdi. Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar 16 foizga oshdi.

O‘tgan oyda Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narxi qariyb $1120 ni tashkil etdi va oylik hisobda 0,6 foizga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2 foizga o‘sdi. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Toshkentda ijara narxi

Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv. metr uchun qariyb $8,8 ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga yuqori.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rtacha $11 atrofida.

Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish sur’atlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil etdi.

Avvalroq «Kursiv» 2025-yilda O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgargani haqida yozgandi.