
Prezident Shavkat Mirziyoyev tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Akbar Sultonovni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi.
Davlat rahbari uyushma rahbariyati sohaga yangilik olib kirmagani, pastga tushib ishlamaganini tanqid qildi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqaradigan 972 ta korxonadan 378 tasi faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, yana 120 tasi quvvatini yarmidan ham foydalanmayapti. Qolip, bog‘ich, furnitura bo‘yicha haligacha importga bog‘liqlik bor.
Oqibatda 2025-yilda eksport bo‘yicha va’da qilgan $250 millionning 40 foizi ham ta’minlangani yo‘q. Uyushmaning bu yilgi ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan prezident «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi.
Ma’lumot uchun, Akbar Sultonov 2024-yil noyabrda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi etib tayinlangandi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Pokiston charmsanoat sohasida hamkorlik qilishi haqida yozgandi.