Yangiliklar

Ohangarondagi mis zavodiga 14,9 million dollar investitsiya kiritildi

Loyihaning umumiy qiymati $36 mlnga teng
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ohangarondagi mis zavodi $14,9 mln investitsiya kiritildi. Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi Infinity Copper Group mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda, uning umumiy qiymati $36 mlnga teng. Qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonga 2025-yilda $15 mlnlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, $10 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 200 mlrd so‘m budjet tushumlari ta’minlanadi hamda $350 mlnlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qit’asi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Infinity Copper Group O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab, jami to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini ko‘paytirish orqali ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» mis narxi birinchi marta $13 mingga yetgani haqida yozgandi.