Qamchiq dovonida soat 19:00 gacha transport harakati tiklandi

13-fevral kuni soat 11:00 dan Qamchiq dovoni transport harakati uchun qayta ochiladi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dovon yo‘li qor ko‘chkisi xavfini kamaytirish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilgach ochilmoqda. Ishlar FVV va boshqa tegishli idoralar hamkorligida amalga oshirilgan.
Biroq prognozlarga ko‘ra, bugun soat 19:00 atrofida dovon orqali harakat yana to‘xtatilishi mumkin. Bunga kechki payt qor ko‘chkisi xavfi ortishi sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qamchiq dovoni 12-fevral kuni soat 13:00 dan qor ko‘chkisi xavfi sabab yopilgandi. Keyinroq hududda umumiy hajmi 6675 kub metr bo‘lgan 19 ta qor ko‘chkisi aniqlandi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, talafot va jabrlanganlar yo‘q.
Shuningdek, 11-fevral kuni soat 21:00 dan 12-fevral soat 06:00 gacha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Chimyon hududida ham 2000 metr balandlikda kuchli yog‘ingarchilik sabab 2100 kub metr hajmdagi 2 ta qor ko‘chkisi qayd etildi.