Qashqadaryoda suv tanqisligiga qarshi sun’iy muzliklar barpo etildi — video

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Sarchashma mahallasida to‘rtta sun’iy muzlik, ya’ni Ice Stupa barpo etildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, loyiha suv tanqisligini kamaytirish va bahor-yoz mavsumida sug‘orish uchun qo‘shimcha suv manbai yaratishga qaratilgan.

Har bir sun’iy muz qish mavsumida o‘rtacha 450 kub metr muz to‘plash quvvatiga ega. Bahor va yoz oylarida esa bu muz asta-sekin erib, taxminan 250 kub metr foydali suv beradi. Ushbu suv erta bahorgi sug‘orish, bog‘ va tomorqa yerlari hamda ayrim xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatiladi.
Ice Stupa texnologiyasi sovuq mavsumda mavjud suv manbalaridan foydalanib, suvni muz shaklida saqlash imkonini beradi. Keyinchalik u tabiiy ravishda erib, suv tanqis davrda foydalaniladi. Ushbu usul energiya talab qilmaydi va ekologik jihatdan xavfsiz hisoblanadi.
Loyiha Ekologiya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Moliyalashtirish Global ekologik jamg‘arma ko‘magida olib borildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kelgusida bunday sun’iy muzliklarni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalar uchun 3,3 trln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 1,3 ming km yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu yiliga qo‘shimcha 500 mln kub metr suvni tejash imkonini beradi.