
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda tarmoq rahbarlari mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot yaratish haqida doim bosh qotirishi kerakligi qayd etildi. Bunda xomashyoni chuqur qayta ishlash iqtisodiyot uchun qo‘shimcha qiymat yaratadi.
Masalan, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar natijasida zargarlik sanoatida o‘tgan yili 3,3 barobar o‘sish qayd etildi. Natijada 13 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni yana 1,3 barobar oshirish reja qilingan.
Elektrotexnika sohasida yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvati mavjud. Biroq o‘tgan yili korxonalarga atigi 92 ming tonna mis yetkazib berilgan. Shu bois qazib olish hajmini va rudadan olinadigan mis ulushini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelinadi. Natijada ruda qazib olish hajmi 46 million tonnadan 64 million tonnagacha oshiriladi. Bu 39,1 foizlik o‘sish degani.
Shuningdek, mahalliy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ohangarondagi mis zavodiga $14,9 million investitsiya kiritilgani xabar qilingandi. O‘zbekistonga 2025-yilda $15 mlnlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, $10 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.