
Stellantis konserni yangi 2027-yilgi Ram 1500 SRT TRX pikapini taqdim etdi. Ushbu model soatiga 96 km tezlikka 3,5 soniyada erishib, dunyodagi eng tezkor seriyali yonilg‘i pikapiga aylandi. Bu haqda CarBuzz xabar bermoqda.

Pikap 6,2 litrli kompressorli V8 dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, u 777 ot kuchi va 921 Nm aylanuvchi moment hosil qiladi. Bu ko‘rsatkichlar bilan Ram o‘zining asosiy raqobatchisi 720 ot kuchiga ega Ford Raptor R modelini ortda qoldirdi. Og‘irligi uch tonnadan oshishiga qaramay, avtomobil tezlanish dinamikasi bo‘yicha ko‘plab yengil sportkarlardan ustun kelgan.

Taqqoslashlar shuni ko‘rsatadiki, Ram 1500 SRT TRX soatiga 96 km tezlikka erishishda Audi RS3, Ford Mustang Dark Horse va Maserati GranTurismo kabi modellarni ortda qoldirmoqda. Shuningdek, u BMW M3/M4 Competition va Mercedes-AMG GT 55 modellaridan ham chaqqonroq ekani qayd etilgan. Hatto Toyota GR Supra va Porsche 911 Carrera ham startda ushbu pikapdan ortda qolishi mumkin.




Ramning ushbu natijasi ichki yonuv dvigatelli pikaplar tarixida rekord hisoblanadi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 190 km bilan cheklangan bo‘lsa-da, uning qisqa masofadagi tezlanishi V12 dvigatelli Aston Martin Vanquishdan atigi 0,2 soniyaga sekinroq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ram kompaniyasi Hemi V8 dvigatelini qayta tiklayotgani haqida xabar bergan edi.