Yangiliklar

«Ronaldo» Andijonda tadbirkorni qotil yollab o‘ldirishga urindi — video

Uyushgan jinoiy guruhda «Glavrach», «Boksyor» ham bo‘lgan
Videodan kadr: Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Andijon viloyatida tadbirkorni yollanma qotil orqali o‘ldirmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 4-fevral kuni yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs Andijon tumanш IIBga o‘ziga nisbatan uyushtirilayotgan suiqasd bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. U 5 jinoyatchidan iborat uyushgan guruh $1500 evaziga qotil yollab, uni qasddan o‘ldirishni kelishganini aytib yordam so‘ragan.

Videodan kadr: Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Uning ushbu arizasiga asosan Paxtaobod tumani hududida viloyat IIB, prokuratura hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Tadbirlar davomida ushbu jinoiy guruh yetakchisi 1984-yilda tug‘ilgan «Ronaldo» laqabli shaxs ekani ma’lum bo‘lgan. U oldin Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bilan sudlangan. «Ronaldo» muqaddam 7 marta sudlangan 26 yoshli yollanma qotilga tadbirkorni qasddan o‘ldirib berish evaziga $1500 taklif etib, shundan 300 ming so‘m olganida ushlangan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/97-modda-suiqasd_2-kichik.mp4
Video: Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Keyingi tezkor tadbirlarda guruhning boshqa a’zolari ham ushlangan. Xususan, Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasining 42 yoshli «Glavrach» laqabli boshlig‘i, «Boksyor» laqabli 42 yoshli yana bir shaxs, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda 23 yoshli talaba qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «p» bandi (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik reytingida 108-o‘ringa tushgani haqida yozgandi.