UzTest markazi tugatiladi, akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda texnik tartibga solish tizimi xalqaro standartlar asosida yangilanadi
UzTest markazi tugatiladi, akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi / Foto: UzTest

Shavkat Mirziyoyev tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda UzTest markazi tugatilishi va akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunishi ma’lum qilindi.

So‘nggi to‘rt yil ichida milliy standartlarning yarmi xalqaro talablar bilan to‘liq uyg‘unlashtirildi. Shu bilan birga, mamlakat akkreditatsiya tizimi 185 davlat orasida 29-o‘rinni egalladi. Milliy laboratoriyalar natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 davlat tomonidan tan olinmoqda.

Majburiy sertifikatlash va bozor nazorati

Havf darajasi yuqori bo‘lgan 156 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy davlat ro‘yxati bekor qilindi va majburiy sertifikat olish talab qilinadigan tovarlar soni 27 foizga kamaytirildi. Bu esa adolatli raqobat muhiti va ortiqcha byurokratiyaning kamayishiga yordam berdi. Yangi tizimda davlat nazorati bosqichma-bosqich kamaytirilib, bozor nazorati tamoyillariga o‘tish rejalashtirilgan. Buning uchun «Bozor nazorati to‘g‘risida» alohida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Milliy standartlar va texnik reglamentlar

Hozirda 33 mingdan ortiq milliy standart mavjud bo‘lib, ularning 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablar bilan mos emas. Shu sababli 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta ko‘rib chiqiladi, 2026–2028-yillarda esa minglab xalqaro standartlarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, energetika, kimyo va ekologiya sohalarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xalqaro standartlar asosida amalga oshiriladi.

Sertifikatlash va baholash tizimi

Sertifikatsiya jarayoni soddalashtiriladi, xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etiladi va majburiy sertifikatlash bosqichma-bosqich deklaratsiyaga almashtiriladi.
Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar qisqartiriladi, UzTest markazi tugatiladi, akkreditatsiya markazi esa Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Sanoat laboratoriyalari va sertifikatlash idoralari xususiy sektorga beriladi, yetakchi xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.

Qo‘shimcha islohotlar

«SUz» milliy muvofiqlik belgisi joriy etiladi, laboratoriyalar faoliyati raqamlashtiriladi, metrologiya tizimi isloh qilinadi va etalon bazasi kengaytiriladi. Mirziyoyev taqdimot yakunida tadbirkorlar fikrlarini tinglab, yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi universiteti va aviatsiya texnikumi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek