Avto

Zeekr 2026-yilda uchta yangi modelni taqdim etadi

Zeekr Malaysia rahbari kompaniya uchta yangi modelni taqdim etishini ma’lum qildi
Zeekr 2026-yilda uchta yangi modelni taqdim etadi
Foto: Autonews

Zeekr Malaysia rahbari Eddi Lu kompaniya 2026-yilda bir vaqtning o‘zida uchta yangi modelni taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda u Xitoy Yangi yili munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda e’lon qildi, deb yozgan Tarantas News.

Foto: Zeekr

Unga ko‘ra, eng asosiy yangilik Zeekr 9X flagman gibrid modeli. U 2,0 litrli benzin dvigateli bilan jihozlanadi. Dvigatel quvvati taxminan 279 ot kuchini tashkil etadi. Modelning asosiy ustunligi esa kuchli elektr tizimidir. Elektr motorlarining umumiy quvvati 1400 ot kuchiga yetadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 3,1 soniyada chiqadi.

Zeekr 009
Foto: ITHome

Shuningdek, kompaniya Zeekr 009 minivenining yangilangan versiyasini ham taqdim etadi. Yangi model Zeekr Grand 009 nomini oladi. U to‘rt o‘rinli hashamatli salon bilan jihozlanadi va yo‘lovchilar uchun yuqori qulaylik taklif etadi.

Foto: ijtimoiy tarmoq

Uchinchi model Zeekr X krossoverining yangi talqini bo‘ladi. U yangilangan dizayn va harakatlanuvchi displey bilan jihozlanadi. Displey salon ichida maxsus elektr yo‘lak bo‘ylab harakatlanadi. Texnik jihatdan ham model sezilarli kuchaygan. Umumiy quvvat 480 ot kuchiga yetgan va 0 dan 100 km/soat tezlikka 3,69 soniyada chiqishi aytilmoqda.

Kompaniya 2026-yilni Zeekr uchun muhim yil sifatida ko‘rmoqda. Yangi modellar brendning premium segmentdagi mavqeini mustahkamlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zeekr brendi yangi 8X yirik plug-in gibrid krossoverini Xitoy bo‘ylab 30 ming kilometr masofada sinovdan o‘tkazgandi. Model Xitoyning eng shimoliy hududi bo‘lgan Mohe shahrida ham sinovdan o‘tgan. Bu yerda harorat -53 darajagacha tushadi. Shuningdek, avtomobil Tibet yaylovlari, cho‘l hududlari va baland tog‘ dovonlarida ham tekshirildi.