
DP World kompaniyasi rahbari Sulton Ahmad bin Sulayim iste’foga chiqdi. Qaror Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq hujjatlar e’lon qilinishi fonida yuz berdi, deya yozmoqda Reuters.
Kompaniya direktorlar kengashi raisi etib Essa Kazim, guruh bosh ijrochi direktori (CEO) etib esa Yuvraj Narayan tayinlandi. Qayd etish kerakki, DP World dunyodagi yirik port va logistika operatorlaridan biri bo‘lib, kompaniya global konteyner tashish hajmining qariyb 10 foizini boshqaradi.

Sulton Ahmad bin Sulayim AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda 2008-yilda voyaga yetmagan qiz bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sudlangan Jeffri Epshteyn bilan keyingi yillarda ham aloqalar bo‘lgani qayd etilgan. Ochiqlangan materiallarda ular orasidagi biznes va shaxsiy yozishmalar tilga olinadi.

Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn 2019-yil avgust oyida Nyu-Yorkdagi qamoqxonada bir qator jiddiy ayblovlar bilan hibsda bo‘lgan paytda o‘lik holda topilgan. Uning o‘limi o‘z joniga qasd qilish sifatida baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bill va Hillari Klinton Epshteyn ishi yuzasidan ko‘rsatma berishga rozi bo‘lgan edi.