
Moskvadagi Tagan tuman sudi Rossiyada taqiqlangan kontentlarni o‘chirish talablarini e’tiborsiz qoldirgani uchun Telegram’ga 10,8 mln rubl ($140 ming atrofida) jarima tayinladi.
Ilovaning rahbariyati uchun ikki protokol tuzildi: noqonuniy ma’lumotni o‘chirmagani uchun 3,8 mln rubl ($49,2 ming), shuningdek, bunday kontent joylashgan saytga kirishni cheklash choralarini ko‘rmagani uchun 7 mln rubl ($90 ming).
Messenjerga 2025-yil sentabrda Rossiya Qurolli Kuchlari xodimlarining shaxsiy ma’lumotlarini, shuningdek, spirtli ichimlik va nikotin sotib olish takliflari, bloklangan saytlarga kirish usullari va armiyani obro‘sizlantiruvchi postlarni o‘chirish talab qilingan. Oktabrda esa Bosh prokuratura ekstremizmga chaqiruvchi postlarni ham o‘chirishni so‘ragan. Biroq Telegram bu talablarni e’tiborsiz qoldirgan.
Oldinroq Rossiya hududida messenjer ish faoliyati sekinlashgan edi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Telegram’ni cheklash qarori ko‘plab qonun buzilishlari bilan bog‘liqligini tasdiqladi. Telegram asoschisi Pavel Durov esa Rossiya hukumati fuqarolarni davlat nazoratidagi, kuzatuv va siyosiy senzura uchun mo‘ljallangan muqobil ilovaga o‘tkazishga urinayotganini, shu sababli Telegram’ga kirish cheklanayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada WhatsApp va YouTube ham butunlay bloklangan edi.