Toshkent viloyati va Andijonda yirik narkolabratoriya aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona boshqarmasi hamkorligida Andijon va Toshkent viloyatlarida narkolaboratoriya faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish bo‘yicha maxsus tadbir o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Tekshiruvlar davomida «Telegram» messenjeridagi narkodukon kuratorlari belgilagan joylarda qoldirilgan, sintetik giyohvandlik moddalari tayyorlashda ishlatiladigan prekursorlar aniqlanib, kuzatuvga olindi. Tadbir davomida Andijon shahrida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan ikki shaxs qo‘lga olindi va Bo‘g‘ishamol mahallasida narkolaboratoriya tashkil qilgani fosh etildi.
Musodara natijasida qora bozordagi qiymati taxminan $1 mlnga teng bo‘lgan 26 kg «Mefedron» sintetik narkotik moddalari, narkotik tayyorlash uchun ishlatiladigan prekursorlar va kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozlari, 10 – 20 litr hajmli yelim idishlar, konteynerlar, respiratorlar, rezina qo‘lqoplar va boshqa zarur anjomlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, shaxslar Chirchiq shahrida ijaraga olingan omborga 400 litr prekursorlarni yashirgani ham aniqlandi. Hozirda ularga nisbatan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 3 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlangan edi.